Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/Sentabr/2023   Hamkorlik

Koreya Respublikasi Bojxona xizmati komissari boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi faoliyati bilan tanishdi

TOSHKENT, 23-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Koreya Respublikasi Bojxona xizmati komissari Kvan Xyo Ko rahbarligidagi delegatsiya  20-22 sentyabr kunlari  tashrif  bilan O‘zbekistonda bo‘ldi, deb  xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


O‘zbekiston Bojxona  qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra,  Janubiy Koreya delegatsiyasi  safar  davomida  Qo‘mita faoliyati  bilan tanishdi. Shuningdek, bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov bilan uchrashuv o‘tkazdi.  Unda davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston – Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish va yangi pog‘onaga ko‘tarishga qaratilgan faol tashqi siyosat yuritilayotgani alohida qayd etildi.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning savdo-cotiq sheriklari orasida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yetakchi o‘rinni egallaydi. 
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, uchrashuvda ikki mamlakatning bojxona institutlari o‘rtasida kasbiy tayyorgarlik sohasida hamkorlik qilish, kinologiya xizmatlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.

Sohani raqamlashtirish, sunʼiy intellektni tatbiq qilish va boshqa yo‘nalishlar borasida Koreya tajribasini o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston bojxona organlari xodimlari uchun alohida o‘quv kurslarini tashkil etish, texnik ko‘mak loyihalarini amalga oshirish hamda vakolatli iqtisodiy operatorlarni tan olish bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqish, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimini takomillashtirishda Koreya tajribasini o‘rganish kabi istiqbolli hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, bojxona tartib-taomillarini tegishli xalqaro standartlar, Jahon savdo tashkiloti, Jahon bojxona tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan amaliyotlar bilan uyg‘unlashtirish zarurligini hisobga olib, O‘zbekiston va Koreya Hukumatlari o‘rtasidagi «Bojxona sohasida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida»gi bitimga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha Bayonnoma loyihasi ishlab chiqildi.

Delegatsiya vakillari qo‘mitada barpo etilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda maʼlumotlarni qayta ishlash markazi, masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limlari va markaziy bojxona laboratoriyasi faoliyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Kvan Xyo Ko bojxona sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.

Delegatsiya aʼzolari Milliy kinologiya markaziga tashrif buyurdi. Taqdimotda Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy kinologiya markazi maqomiga ega bo‘lgan ushbu markazda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Taʼkidlash joizki, Milliy kinologiya markazi hamda Koreya bojxona xizmati o‘rtasida mustahkam xalqaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning avgust oyida Milliy kinologiya markazi tomonidan tayyorlangan xizmat itlari Koreyaga eksport qilindi.

Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari “Yallama” chegara bojxona posti hamda «Ark – Buloq» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlariga ham tashrif buyurdi. Tanishuv davomida bojxona sohasiga joriy qilingan raqamlashtirish jarayonlari natijasida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi uchun sarflanayotgan vaqtning keskin qisqargani kabi yutuqlar eʼtirof etildi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda Vengriyaning «Gedeon Richt...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 3-4 oktyabr kunlari Vengriyaga ras...

O‘mon kompaniyasi O‘zbekistonda rejalas...

O‘zbekiston elchixonasida O‘monning «Green Energy» kompaniyasi bosh menejeri Alirizo Bazra...

O‘zbekiston delegatsiyasi Parijda Butunj...

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov bos...

So`nggi yangiliklar