Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Sentabr/2023   O‘zbekiston Mustaqilligining 32 yilligi

O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi Venada keng nishonlandi

VENA, 23-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Vena shahrida Avstriyadagi ommabop nashrlardan biri - «Cercle Diplomatique - Economique et Touristique International» jurnali bilan hamkorlikda O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri tashkil etildi, deb  xabar  bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.


Tantanali marosimda Avstriyaning rasmiy, akademik, ekspert-tahlil, ishbilarmon va keng jamoatchilik doiralari vakillari, Vena shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda ushbu  mamlakatda  bo‘lib turgan vatandoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirning ochilish qismida O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev so‘zga chiqib, o‘zbek xalqining mamlakat mustaqilligi yo‘lidagi ko‘p yillik mehnati va intilishlari, davlat suverenitetini mustahkamlash bosqichlari hamda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari rahnamoligida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida maʼlumot berdi.

Jumladan, joriy yil bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy referendum, Prezident saylovlari jamiyatning siyosiy yetukligi, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanganidan dalolat berishi qayd etildi. «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi, uning mazmun-mohiyati va unda belgilangan asosiy yo‘nalishlar bilan tanishtirib o‘tildi.

Bundan  tashqari,  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasidagi nutqi va unda ilgari surilgan xalqaro tashabbuslarga  alohida  eʼtibor qaratildi. Markaziy Osiyo mintaqasida olib borilayotgan faol hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga urg‘u berilib, mintaqani tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo‘lib qolishi bildirildi.

Shuningdek, Yevropada birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonning davlat suverenitetini tan olgan Avstriya bilan hamkorlikni tobora mustahkamlash muhimligi urg‘ulandi. So‘nggi yillarda kuzatilayotgan ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish dinamikasi, Avstriya siyosiy va ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi.

Avstriya Yevropa va tashqi ishlar federal vazirligi departament direktori, elchi Maksimillian Xennig O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro maydonlarda jadal o‘sib borayotgan ahamiyati va rolini alohida taʼkidladi.

«So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Avstriya o‘rtasidagi munosabatlarning yangi dinamikasini alohida qayd etish joiz. 2021 yilda Avstriya tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi muvaffaqiyatli tashkil etilgan edi. Oldinda yana ikki tomonlama katta tadbirlar rejalashtirilgan. O‘zbek tomoni iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish ustida faol ishlamoqda. Shu sababli, biz yaqin orada Toshkent shahrida elchixonamizning iqtisodiy ofisini ochish niyatidamiz», - dedi u.

Avstriya Yevropa tadqiqotlari va xavfsizlik siyosati instituti prezidenti Verner Fasslabend o‘z navbatida O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon, nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda taraqqiyot va barqarorlikning eng yorqin namunalaridan biriga aylanganini  taʼkidladi. «Bunday qisqa fursat ichida ulkan natijalarga erishgan O‘zbekiston halqini va hukumatini mustaqillikning 32 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman va O‘zbekistonga kelgusida ham jahon arenalarida ulkan zafarlar tilab qolaman»,- deya qayd etdi Verner Fasslabend.

Tadbir doirasida «Cercle Diplomatique» jurnalining 1 sentyabrda bosilgan va  O‘zbekistonning iqtisodiy va turistik salohiyati hamda uning tarixiy merosiga bag‘ishlangan sonining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 40 ming adadga ega ushbu jurnalning maxsus sonida mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, xalqaro hamkorligi, iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, tarixiy-madaniy merosi, sayyohlik imkoniyatlariga oid tahliliy material va fotoreportajlar o‘rin olgan.

«Jurnalimizning ushbu soni Avstriya jamoatchiligini O‘zbekistonning turizm, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalardagi yutuqlari bilan tanishtirish uchun chop etildi. Bugungi tadbirimiz esa O‘zbekistonning serqirra madaniyati, tarixi va imkoniyatlariga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshirdi. Men O‘zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy qutlab, ularga barcha ezgu tilaklarimni izhor etaman hamda yangi zafarlar tilayman. Afsuski, men sizning go‘zal mamlakatingizda hech qachon bo‘lmaganman.  O‘zbekistonning ko‘plab go‘zal va diqqatga sazovor madaniy merosi aks ettirilgan fotosuratlarni tomosha qilib, yaqin kelajakda O‘zbekistonga tashrif buyurishni reja qilganman», - dedi «Cercle Diplomatique» jurnali bosh muharriri Aleksandr Burski.

Tadbir doirasida O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, tarixiy obidalari va meʼmoriy yodgorliklarini o‘zida aks ettirgan rasmlar ko‘rgazmasi va O‘zbekistonning turizm salohiyati taqdimoti o‘tkazildi.

Tantanali kechaning madaniy dasturi ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi. O‘zbekistondan kelgan sanʼat va madaniyat arboblari – “Istiqlol” milliy ansambli hamda O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov tomonidan  ijro etilgan  kuy va qo‘shiqlar tadbirga  o‘zbek  madaniyati  ruhini olib kirdi.

Respublikamiz tarixidagi eng muhim sanani nishonlash o‘zbek oshxonasining durdonalarisiz to‘liq bo‘lmasligi shubhasiz. Shu bois, tadbirning so‘nggida o‘zbekistonlik mohir oshpazlar tomonidan tayyorlangan o‘zbek palovi va boshqa milliy taomlarimiz kechaga tashrif buyurgan mehmonlarga manzur bo‘ldi.

Mavzuga oid

Indoneziyadagi vatandosh: So‘nggi yillar...

«PT Aksi Visitama» kompaniyasi moliyaviy maslahatchisi Botirjon Rahimov

O‘zbekiston мustaqilligining 32 yilligi ...

Yaponiyaning mashhur “Japan Times” hamda “Japan News” gazetalarida mamlakatimiz elchisi Mu...

Taniqli yaponiyalik sanʼatkor Miho Ogata...

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elixonasi va Yaponiya Madaniy almashinuvlarni targ‘ib qilish ...

So`nggi yangiliklar