Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Sentabr/2023   Ta'lim

O‘zbekiston va Hindistonning kiyim-kechak dizayniga ixtisoslashgan yetakchi oliy o‘quv yurtlari hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

DEHLI, 24-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoati instituti (TTESI) hamda Hindiston Yengil sanoat vazirligi huzuridagi Moda texnologiyalari milliy instituti (National Institute of Fashion Technology - NIFT) vakillari o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Onlayn uchrashuvda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yosh yigit-qizlarning zamonaviy talablar darajasida taʼlim olishi uchun yaratilayotgan qulay imkoniyatlar, bozorda talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi oliy o‘quv yurtlari faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani, bu sohadagi xalqaro hamkorlik yangi darajaga ko‘tarilgani haqida maʼlumot taqdim etildi.

TTESI birinchi prorektori Ulug‘bek Abdullayev institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida so‘zlab berib, hamkorlikning istiqbolli jihatlariga eʼtibor qaratdi. NIFT bilan malakali yosh kadrlarni tarbiyalashda birgalikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar taqdim qilindi.

NIFT o‘quv ishlar bo‘yicha dekani Sudha Dingra mazkur oliy o‘quv maskani to‘qimachilik va moda sanoati uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlash sohasida o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikni kengaytirish, xususan, qo‘shma loyihalar amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Muloqot chog‘ida o‘zbekistonlik talabalar uchun o‘quv kurslari tashkil etish, taʼlim jarayoniga ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar joriy qilish, talaba va o‘qituvchilar almashuv dasturlarini uyushtirish va boshqa tadbirlar haqida o‘zaro fikr almashildi. Ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolashga kelishib olindi.

Moda texnologiyalari milliy instituti 1986 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakat to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatini professional kadrlar bilan taʼminlashda yetakchi mavqega ega. 2006 yilda Hindiston parlamenti qarori bilan NIFT rasmiy taʼlim muassasasi maqomiga ega bo‘lgan va butun mamlakat bo‘ylab o‘z kampuslariga ega.

Institut moda, dizayn, texnologiya va menejment bo‘yicha eng yuqori standartlar bo‘yicha o‘quv dasturlarini taklif etadi va talabalarni milliy anʼanalardan ilhom olishga undaydi hamda shu bilan birga sanoat uchun tegishli bo‘lgan ilg‘or global tendensiyalarga eʼtibor qaratadi.

Mavzuga oid

Misr kompaniyasi va O‘zbekiston to‘qimac...

Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Misrning «Lotus Garment Group» kompaniyasi rahbari Xusa...

Indoneziya universiteti O‘zbekiston fuqa...

Indoneziyaning Singaperbangsa Karavang (Universitas Singaperbangsa Karawang) universiteti ...

Kanadaning yetakchi universiteti bilan o...

O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov Kanadaga tashrifi chog‘ida Britaniya Kolumbiyasi univer...

So`nggi yangiliklar