Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Sentabr/2023   Hamkorlik

Samarqandda Yangi O‘zbekistonning energetika sohasi uchun yangi avlod muhandislari tarbiyalanadi

TOSHKENT, 24-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SXTU) rahbariyati joriy yilning 18 sentyabr kuni Xitoyning Chanchun shahrida  o‘tkazilgan sanoat, taʼlim va ilmiy tadqiqotlar hamkorligi va integratsiyasiga  bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada qatnashdi, deb  xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


SXTU maʼlumotiga ko‘ra, mazkur ilmiy-amaliy konferensiya Xitoy Taʼlim vazirligi va Jilin provinsiyasi hukumati tashabbusi bilan  tashkil etildi.

Anjuman davomida Samarqand xalqaro texnologiya universitetida Xitoy energetika institutining ochilishi ramziy maʼnoda o‘z tasdig‘ini topdi. Ushbu institutda o‘qish “2+2” shaklida amalga oshiriladi. Yaʼni talabalar ikki yil O‘zbekistonda va yana ikki yil Xitoyda taʼlim oladilar.

Taʼkidlash joizki, talabalar o‘zlari tanlagan mutaxassisliklar bo‘yicha boshlang‘ich kurslarda ingliz tilida, yuqori kurslarda esa xitoy va ingliz tillarida o‘qiydi. Ayni kunlarda ushbu yo‘nalishda tahsil olishni boshlagan talabalar birinchi kursdanoq jadallashtirilgan xitoy tili kursini o‘rganishga kirishgan.

Konferensiya davomida SXTU, Xitoyning «Northeast Electric Power University» va Shimoliy-sharqiy elektr energetikasini loyihalash instituti o‘rtasida uch tomonlama o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi. Hujjat ko‘ra,  SXTU qoshida tashkil etilgan Xitoy energetika instituti talabalarining diplom oldi amaliyoti «Huaneng Group Co., Ltd» tarkibiga kiruvchi, Xitoydagi beshta yirik davlat elektr energiyasi ishlab chiqarish korporatsiyasida tashkil etiladi.

Germaniyalik olim, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Harmut Mishel ushbu konferensiyadagi maʼruzasida SXTU salohiyatini  yuqori baholadi va uning qoshida tashkil etilayotgan Xitoy energetika institutiga katta qiziqish bildirdi. Nemis olimi, shuningdek, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirdi.

SXTU rahbariyatining Changchunda bo‘lib o‘tgan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjumandagi ishtiroki va uning davomida erishilgan kelishuvlar Samarqand xalqaro texnologiya universitetining xalqaro taʼlim muhitiga integratsiyalashuvi va energetika muhandislarining yangi avlodini tayyorlash uchun O‘zbekistonda mustahkam baza yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Taʼkidlash kerakki, joriy yilning 6 aprelida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Xitoyning «Northeast Electric Power University» universiteti o‘rtasida Xitoyning global energetikani rivojlantirish borasidagi muhim yutuqlaridan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolangan  edi.

Mavzuga oid

ISSVda YEI delegatsiyasi rahbari bila...

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondag...

Janubiy Koreyada ishga ruxsat berish tiz...

Shu yil 9-11-avgust kunlari Janubiy Koreyaning Pusan shahrida Janubiy Koreya mehnat vazirl...

O‘zbekistonlik poyabzal va charm buyumla...

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining Polshaga am...

So`nggi yangiliklar