Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Sentabr/2023   Iqtisodiy diplomatiya

Oxirgi 6 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb 2,5 barobar oshib, 4,6 milliard dollarni tashkil etdi

TOSHKENT, 24 sentyabr. /“Dunyo” AA/.  Joriy yilning 22-sentyabr kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Arman Shaqqaliyev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida tomonlar joriy qo‘shma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, transport-logistika va hududlararo hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Bugungi kunda Qozog‘iston Prezidentining 2022 yil dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi chog‘ida imzolangan 7 ta savdo shartnomasi va 24 ta qo‘shma investitsiyaviy bitim amalga oshirilmoqda. Samimiy ruhda kechgan suhbat ushbu kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni o‘zaro muvofiqlashtirish imkonini berdi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi o‘sishining ijobiy dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Oxirgi 6 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 2,5 barobar oshib, 4,6 milliard dollarni tashkil etdi. Shu nuqtai nazardan, o‘zaro savdo hajmini yana-da oshirish va ko‘lamini kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Xususan, oziq-ovqat, to‘qimachilik, avtomobil, elektr jihozlari, qora metallar, neft-gaz mahsulotlarini yetkazib berish hisobiga savdo ko‘rsatkichlarini yaqin yillarda 10 milliard dollargacha oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Joriy yilning bahorida tashkil etilgan va o‘tgan oylarda 1,3 million dollarlik mahsulot eksport qilishga muvaffaq bo‘lgan qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi bunga hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

Muloqotda, shuningdek, sarmoyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi hamda energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, transport va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni hayotga joriy qilish va o‘zaro manfaatli munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini belgilash yuzasidan kelgusida hamkorlik qilish formati bo‘yicha kelishib olindi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Dakk...

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Bangladeshga tashrifi doirasida bugun Dakka shahrid...

Toshkentda Rossiya «Pasport-viza xizmati...

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.Xayriddinov boshchiligidagi deleg...

O‘zbekiston elchisi Niderlandiya biznes ...

O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov Niderlandiyaning «Bom Gr...

So`nggi yangiliklar