Uz / Ўз Ru En

Toshkent

20/Avgust/2022   Tahlil

O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni: O‘zaro manfaatli hamkorlik

TOSHKENT, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari nomzodi Alisher Sobirov “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni xalqlarining tarixiy va madaniy rishtalari haqida so‘zlab berdi:


– Saudiya Arabistoni Podshohligi (SAP) bilan munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi yangilangan tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Saudiya Arabistoni O‘zbekistonning nafaqat arab-musulmon mamlakatlarida, balki butun dunyoda katta nufuz va moliyaviy-iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan muhim sherigi hisoblanadi.

SAP Islom dinining markazi bo‘lib, unda islomning asosiy qadamjolari – Makkadagi “Al-Haram” masjidi va Madinadagi “Masjid an-Nabaviy” masjidi joylashgan. Shu bois Podshohlik Haj va Umra safarlarini ado etish uchun butun dunyo, jumladan, O‘zbekistondan keladigan musulmonlar hayotida ahamiyatli o‘rin egallaydi. Ayni damda Saudiya Arabistoni O‘zbekistonni islom sivilizatsiyasi “beshiklari”dan biri deb biladi.

34 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladigan Saudiya Arabistonida olib borilayotgan siyosat iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida davlat ishtiroki mavjudligi bilan tavsiflanadi. Shuningdek, milliy xususiy kapital faolligini kengaytirish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, mamlakat iqtisodiyotini xom-ashyo qaramligidan maksimal darajada chiqarishga qaratilgan “Vision 2030” dasturini amalga oshirish bo‘yicha SAP tajribasi katta qiziqish uyg‘otmoqda.

SAP ijtimoiy siyosati aholiga ijtimoiy kafolatlar yaratib berish, yoshlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash va subsidiyalashni o‘z ichiga oladi.

Bu siyosat hozirgi bosqichda sanoat sohasida va iqtisodiyotning xususiy sektorida ishlash uchun milliy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni rag‘batlantirish bilan uzviy bog‘liq.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistonini yaqin tarixiy, madaniy va maʼnaviy qadriyatlar bog‘lab turadi.

Saudiya Arabistoni ushbu o‘xshash jihatlar, shuningdek, kuchli moliyaviy-iqtisodiy resurslar mavjudligi tufayli O‘zbekiston Respublikasi uchun nihoyatda jozibador mamlakat hisoblanadi.

Saudiya Arabistoni Podshohligi O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan (1991 yil 30 dekabr). Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlandi.

Ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi 13 ta hujjatdan iborat. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni “Siyosat, iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar va texnika sohalarida, yoshlar va sport ishlarida hamkorlik to‘g‘risida”gi Hadli bitim, shuningdek, “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Ikkiyoqlama soliq solinishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida”gi bitimlarga tayangan holda rivojlantirmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirol Salmon bin Abdulazizning taklifiga binoan 2017 yil 20-21 may kuni Arab-musulmon mamlakatlari va AQSH sammitida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi o‘zaro hamkorlik aloqalari rivojiga qo‘shimcha turtki bo‘lib xizmat qildi va ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi muhim bosqich bo‘ldi.

Shundan buyon ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar amaliy mohiyat bilan boyitilib, ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. Oliy va yuqori darajadagi muntazam aloqa va almashinuvlar hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. O‘zbekiston rahbariyatining saʼy-harakatlari bilan XPK platformasida muvofiqlashtirilgan ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralarining birgalikdagi harakatlari O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni hamkorligining rivojlanish surʼatlarini sezilarli darajada oshirishga imkon berdi.

So‘nggi besh yilda O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi savdo hajmi 1,2 baravar oshdi.

2022 yilning yanvar-iyun oylarida o‘zaro savdo hajmi 2021 yilning shu davriga nisbatan qariyb 12,8 baravarga o‘sib, 95,5 millioln dollarni tashkil etdi. Bu yaqin istiqbolda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini yana-da oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi.

(Maʼlumot uchun: 2020 yilda tovar ayirboshlash hajmi 27,4 mln., eksport 0,7 mln., import 26,8 mln. dollarni tashkil etgan edi. 2021 yilda tovar ayirboshlash 17,2 mln. dollarga (-40%) teng bo‘ldi (eksport – 4,8 mln. dollar, import – 12,4 mln. dollar) teng bo‘lgan.

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston Respublikasida Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 4,1 barobarga oshib, o‘ttiz sakkiztaga yetdi (19 ta xorijiy va 19 ta qo‘shma korxona).

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) maʼlumotlariga ko‘ra, talab katta bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalarni ko‘paytirish maqsadidagi sanoat kooperatsiyasi va mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirishga kuchli turtki beradi. Misol tariqasida Saudi Aramco kompaniyasining O‘zbekistonda neft va gazni qidirish, qazib olish va qayta ishlashga jalb etilishini keltirish mumkin.

Saudiya Arabistoni kompaniyalarining mamlakatimizda yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda ishtiroki ham katta ahamiyatga ega. 2021 yil yakuniga borib, ushbu mamlakatdan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,5 milliard dollardan ortiqni tashkil etdi (2017 yilda 88 ming dollar).

Hozirgi paytda Saudiyaning Al-Habib Medical Group va ACWA Power kabi yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi va oshirilmoqda.

Al-Habib Medical Group ko‘magida barcha tibbiy maʼlumotlarni hamda bemorlar bilan o‘zaro aloqa qilish jarayonlarini raqamlashtirish va markazlashtirish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar O‘zbekiston sog‘liqni SAPlashni boshqarish tizimiga joriy etilmoqda. O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash bo‘yicha Al-Habib Medical Group tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi. Shuningdek, SAP kasalxonalarida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, Toshkent shahrida SAP klinikalari standartlariga mos ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot majmuasini barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda.  

Saudiya Arabistoni O‘zbekiston hududlarida energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yashil energetikani rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshiruvchi eng yirik xorijiy investorlardan biriga aylandi. SAPning ushbu tarmoqqa ACWA Power kompaniyasi orqali kiritgan investitsiyalari hajmi 2,5 milliard dollardan oshadi (hozirgi investitsiya portfeliga 4 ta loyiha kiradi).

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi 2018 yilda ekologik toza energiya manbalarini rivojlantirish maqsadida yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2030 yilga borib 2010 yilga nisbatan 10 foiz kamaytirish bo‘yicha miqdoriy majburiyatni o‘z zimmasiga olib, Parij bitimini ratifikatsiya qilgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Energetika vazirligi, ACWA Power (Saudiya Arabistoni) va Air Products (AQSH) kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanadigan energetika va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha ochiq kelishuv tuzilgan. Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida Saudiya Arabistoni bilan birgalikda quvvati 40-50 kVt bo‘lgan tajriba elektr stansiyasini qurish va vodorod energiyasi ishlab chiqarishda yangi innovatsion texnologiyalarni qo‘llashni o‘rganish uchun Saudiya Arabistonidan besh nafar mutaxassisni jalb etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda SAP bilan birgalikda (yalpi quvvati 1500 MVt), Buxoro va Navoiy viloyatlarida (1000 MVt) shamol elektr stansiyalari (SHES) qurish ishlari boshlandi. Mutaxassislarning baholariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi 4 mln xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi va yiliga atmosferaga 2,5 million tonna is gazi chiqishining oldini oladi. Joriy yilning fevral oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 100 MVt bo‘lgan bitta shamol elektr stansiyasi qurilishi boshlandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislarining taʼkidlashicha, past uglerodli iqtisodiyotga o‘tishda SAP tajribasini qo‘llash ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi va 2030 yilga borib elektr energiyasining 25 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobiga ishlab chiqarish imkonini beradi.

Bu, o‘z navbatida, jadal rivojlanayotgan O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ladi.

Sirdaryo viloyatida 1500 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi ham amalga oshirish jarayonida.

O‘zbekiston va Saudiyaning SABIC kompaniyasi amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda, bu maqsadda mamlakatimizda MTO (metanoldan olefin olish) va MTR (metanoldan propilen  ishlab chiqarish) texnologiyalaridan foydalangan holda investitsiya loyihalarini, shuningdek, kimyoviy o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutilmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yo‘naltirilgan loyihalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tomonlar Saudiya Arabistonining boy tajribasini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida ilg‘or innovatsion va suvni tejash texnologiyalarini joriy etishni ko‘zda tutuvchi alohida investitsiya portfelini shakllantirishni ko‘rib chiqmoqdalar.

Saudiyaning Savola Group, SALIC, Almarai, Tamimi Group kabi yirik kompaniyalari bilan O‘zbekistonda yuqori texnologiyali issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavotni qayta ishlagan holda talab yuqori bo‘lgan bozorlarga eksport qilish bo‘yicha korxonalari birgalikda yaratish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Islom taraqqiyot banki moliyaviy ko‘magida Mikrokorxonalarning imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi tashkil etildi.

 2021 yilda O‘zbekistonda Islom taraqqiyot banki va Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi O‘zbekiston-Saudiya investitsion sherikligini yana-da kengaytirishning muhim mexanizmlaridan biri bo‘lib xizmat qilib, uning tomonidan mamlakatimizda ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun 200 mln dollarga yaqin mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni davlat investitsiya jamg‘armasi (jami aktivlari 390 milliard dollar bo‘lgan dunyodagi eng yirik suveren investitsiya fondlaridan biri) mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritishni O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va investitsiya muhitini yaxshilash chora-tadbirlari nuqtai nazaridan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi deb hisoblaydi. Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda muhim moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda.

Tomonlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklif va tashabbuslarini amalga oshirish, xususan, “Mozori-Sharif–Xirot” temir yo‘li va “Surxon–Puli-Xumri” elektr uzatish liniyalarini qurish bo‘yicha ham hamkorlik qilmoqda. Saudiya Arabistoni Samarqand-G‘uzor avtomobil yo‘lining bir qismi qurilishini moliyalashtirishda ishtirok etdi.

Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon-Qatar” xalqaro transport yo‘lagi doirasida o‘zaro hamkorlik qilmoqda, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga imkon beradi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining jahon bozorlariga chiqishiga va Fors ko‘rfaz davlatlari, shu jumladan Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan hamkorligini mustahkamlashga yordam beradi.

Shu nuqtai nazardan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimlarining fikriga ko‘ra, SAP katta isteʼmol bozoriga ega ekanligi va o‘zbek oziq-ovqat, to‘qimachilik (kiyim-kechak, gilam, uy to‘qimachilik) va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (meva, sabzavot, dukkaklilar va boshqalar) eksportchilari uchun yaxshi imkoniyat yaratishini hisobga olish muhimdir.

Saudiya Arabistonining bir qator sayyohlik kompaniyalari SAPdan O‘zbekistonga sayyohlarni yuborishdan manfaatdor. Xususan, Zahid Travel Group sayyohlik agentligi davlat idoralari yoki xususiy sektor sayyohlarining O‘zbekistonga sayohatlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bunga Uzbekistan airways” AJ va FlyNas aviakompaniyasi o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi ham yordam beradi. Shuningdek, ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan ikki mamlakat sayyohlik idoralari o‘rtasida hamkorlikning qo‘shma dasturi ham ishlab chiqilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlarining fikriga ko‘ra, SAPdan O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilish maqsadida O‘zbekistonda Saudiya Arabistonining Masarat Adventure Club kabi yirik sayyohlik kompaniyalari bilan xalqaro darajadagi yuqori sifatli xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish, shuningdek, turizmni rivojlantirish dasturlari maqsadlariga erishishda hamkorlikning “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish masalasini ko‘rib chiqish, turizmni rivojlantirish dasturlari, jumladan, eng yaxshi amaliyotlar almashinuvi (xususan, SAP “Vision 2030” dasturi doirasida), sayyohlik kompaniyalari uchun o‘zaro amaliyot, turistik obyektlarni rivojlantirish, obodonlashtirish ishlari uchun grantlar va moliyaviy resurslarni jalb qilish mumkin.

Mamlakatlarning mehnat munosabatlari sohasidagi hamkorligi ham yaxshi istiqbolga ega. Shu maqsadda tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari sharoitida malakali mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda mehnat masalalari bo‘yicha amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydigan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimni imzolashdan manfaatdordirlar.

Ikki mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirishning asosiy omili sifatida fan va texnologiyalar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari mavjud. Bunga Toshkent texnoparki va Qirol Abdulaziz nomidagi fan va texnologiyalar markazi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilishi yordam beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni Podshohligiga bo‘lajak tashrifi doirasida O‘zbekiston-Saudiya muzokaralari savdo va investitsiya, axborot texnologiyalari, elektronika, biotexnologiya, energetika, neft-gaz, gaz-kimyo va kimyo sanoati, yengil va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy etish masalalarida ham.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini yana-da yaqinlashtirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining yetakchi ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar biznes hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun asos bo‘lmoqda. Bu ichki isteʼmolning yuqori hajmi hisobiga shakllanayotgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishni ko‘paytirish, hududiy va tashqi bozorlarga chiqish imkonini beradi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha erishiladigan kelishuvlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni munosabatlari rivojini yangi bosqichga ko‘taradi, xususan, qo‘shma dastur va loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarini ishlab chiqish, shu jumladan, O‘zbekistonda investitsiya kompaniyalari va mikromoliya tashkilotlarini tashkil etishni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Mavzuga oid

Pandemiyaga qarshi kurashda O‘zbekiston ...

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, jumladan, koronavirus pan...

Markaziy Osiyo davlatlari va «Valday» xa...

«Afg‘onistonda Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari imkoniyatlari» mavzusida onlayn-konfer...

Global Innovatsion Indeks - innovatsion...

O‘zbekistonning Global innovatsion indeksga qaytishi – yangi O‘zbekistonda boshlangan islo...

So`nggi yangiliklar