Uz / Ўз Ru En

Toshkent

21/Sentabr/2023   Dolzarb

Hindistondan munosabat: O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida eng muhim mintaqaviy va global muammolarga alohida urg‘u berildi

DEHLI, 21-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Hindistonda faoliyat ko‘rsatadigan «Vivekananda Foundation» tahlil markazining katta ilmiy xodimi Pravesh Kumar Gupta O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqining ahamiyati yuzasidan “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga quyidagi fikrlarini bayon etdi:


– O‘zbekiston rahbarining nutqida eng muhim mintaqaviy va global muammolarga alohida urg‘u berildi. Shavkat Mirziyoyev xalqaro munosabatlar tizimidagi fundamental o‘zgarishlar dunyoning rivojlanib kelayotgan iqtisodiyotlari uchun ko‘plab muammolarni keltirib chiqarayotgani va  Markaziy Osiyo ham bundan mustasno emasligini taʼkidladi. Shu nuqtai nazardan, o‘zaro xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi. “Umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi” O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilish maqsadining ifodasi ekanini alohida taʼkidlash zarur.

Shuningdek, mamlakat demokratik, xalqparvar, dunyoviy va ijtimoiy davlatga aylanish yo‘lida erishgan yutuqlari qayd etildi. 2017 yildan buyon amalga oshirilgan izchil islohotlar tufayli O‘zbekiston yana-da shaffof va demokratik davlatga aylandi. Yaqinda milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi.

O‘suvchan yangilanishlar ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, sog‘liqni saqlash va taʼlim infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratdi. Ana shunday muhim  qadamlar natijasi o‘laroq, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanishga erishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi olti yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 1,5 barobardan ziyod oshganini taʼkidladi. Shuningdek, u 2024 yili O‘zbekistonda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini o‘tkazishni taklif qildi.

Iqlim o‘zgarishi bugungi kunda jamiyat oldida turgan eng dolzarb muammolardan biriga aylangan. O‘zbekiston Prezidenti butun dunyoni Markaziy Osiyoning iqlim o‘zgarishiga nisbatan sezgirligiga eʼtiborni kuchaytirishga chaqirib, bu qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligining 40 foizga kamayishiga olib kelishi mumkinligini qayd etdi.

Gender tengligi O‘zbekiston rahbariyati tomonidan eʼtibor qaratilayotgan yana bir muhim masaladir. Davlat yetakchisi O‘zbekistonda o‘tgan yili oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirgan yoshlarning 49 foizini qizlar tashkil etgani, davlat boshqaruvida ilk bor xotin-qizlarning ulushi 35 foizga yetganini taʼkidladi. U kelasi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazishni taklifini ilgari surdi.

O‘zbekiston Prezidenti xavfsizlik masalalariga to‘xtalar ekan, yoshlar radikallashuvining oldini olish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondoshuvni ishlab chiqish muhimligiga urg‘u berdi. U, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatga eʼtibor qaratgani holda xalqaro hamjamiyatni afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlashga daʼvat etdi.

Mavzuga oid

Isroildan tabrik: O‘zbekiston madhiyasin...

Yurtdoshimiz Gulnoza Rahimova (Isroil) “Dunyo” axborot agentligi orqali O‘zbekiston Davlat...

Qurilish va ijtimoiy sohalarda amalga os...

Shavkat Mirziyoyev joriy yil Toshkent shahrida amalga oshiriladigan qurilish va ijtimoiy l...

Ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya f...

Bugun ertalab Xalqaro kongress markazida maxsus matbuot markazi ish boshladi, unda 80 dan ...

So`nggi yangiliklar